Mustaqillik yillarida mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, hamjihatlik va bag‘rikenglik mustahkam qaror topdi. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mehr-oqibat tuyg‘ulari odamlar qalbi va shuuridan chuqur joy oldi. Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, bugun saflarimizda yurgan, el-yurt tinchligi va ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan keksalarni e’zozlash ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.

Xotira va qadrlash – inson aql-zakovatining betakror ma’naviy ne’matlari, tiriklikning azaliy mezonlaridir. Homiylik, saxovat va himmat, mehr va muruvvat fazilatlari, xotira va qadr tushunchalari bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi.

Janggohlarda jon bergan vatandoshlarimiz nomlari muhrlangan «Xotira kitobi»ning zarhal varaqlari Vatanning fidoyi o‘g‘lonlari qismatidan shahodat beradi. Motamsaro ona qiyofasida esa iztirob va umid namoyon. Beva-bechorayu etim-esirlar, farzandi yo‘liga ko‘z tikkan onaizorning umidu nadomatlari mujassam shu birgina qiyofada.

Ushbu sanani Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlay boshlaganimizga mana 23 yil bo‘ldi. O‘tgan yillar mobaynida marhumlarni yod etish, keksalar, bemorlar, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish nafaqat o‘zbeklar, balki yurtimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elat vakillari uchun odat tusiga kirdi. Binobarin, o‘tganlar xotirasi oldida ta’zim bajo keltirish, insonni tiriklik chog‘ida qadrlashdek hayotiy qarashlar el-yurtimizning qon-qoniga singib borayotgani tarbiyaviy ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatimiz rahbariyati 9-may sanasini keng nishonlashda uzoq va yaqin davlatlarga o‘rnak bo‘layotir. Hech shubhasiz, bunday tadbirlar xalqimiz tomonidan juda katta minnatdorlik bilan qabul qilinmoqda. Masalaning boshqa tomoni ham borki, uni esdan chiqarishga haqqimiz yo‘q. Ikkinchi jahon urushida faol qatnashib, fashizm balosini bartaraf etishda mislsiz qahramonliklar ko‘rsatgan ayrim mamlakatlardagi urush qatnashchilari bugunga kelib ba’zi siyosiy kuchlar, kaltabin davlat rahbarlarining siyosiy ojizligi tufayli kamsitilmoqda, tahqirlanmoqda, ularga «insoniyat dushmani» degan yorliq yopishtirilmoqda, g‘alabani qo‘lga kiritgan oddiy askarga o‘rnatilgan haykallar buzib tashlanmoqda.

Ana shunday sharoitda O‘zbekiston, o‘zbek xalqi an’anaviy tinchliksevar siyosatiga sodiq qolmoqda. Yana bir muhim jihat shuki, o‘ta og‘ir va mashaqqatli yillarda xalqimizning insonparvarlik va bag‘rikenglik fazilatlari yaqqol namoyon bo‘ldi. El-yurtimiz mamlakatning urush bo‘layotgan g‘arbiy hududlaridan evakuatsiya qilingan turli millatga mansub bir millionga yaqin bolalar, ayollar va keksalarga boshpana berib, bir burda nonini ular bilan baham ko‘rdi.

Xotira va qadrlash tushunchalari tobora teran ahamiyat kasb etayotganining yana bir sababi shunda-ki, insonga mehr ko‘rsatish, uni ulug‘lash, qadrlash va e’zozlashga qaratilgan ushbu a’mаllar bizni globallashayotgan va tez o‘zgarib borayotgan murakkab davrimizning turli tahdidlarga nisbatan sezgir va hushyor bo‘lishga, kechagi kun jarohatlaridan saboq chiqarishga undaydi. Bu borada, ayniqsa, buyuk kelajak egalari – navqiron avlod zimmasidagi mas’uliyat g‘oyat kattadir.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.