1-dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan Tashkent Tibbiyot Akademiyasining Biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika kafedrasida “OITS – XXI asrning global muammosi” mavzusida ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir global salomatlik muammosiga e’tiborni qaratish va talabalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi OITS va uning asoratlari, tarqalishi, oldini olish yo‘llari hamda global miqyosda ushbu muammo bilan kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida bilim berish edi. Shu bilan birga, yoshlar orasida ushbu kasallik bo‘yicha profilaktika choralarini keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan tayyorlangan qisqa teatr sahnalari, hujjatli film ko‘rsatmalari va mavzuga oid she’rlar namoyish qilindi. Ushbu ijodiy chiqishlar orqali muammoning dolzarbligi va uni bartaraf etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning ahamiyati yoritildi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar OITSga qarshi kurashda har bir fuqaroning faolligi va mas’uliyatini oshirish zarurligini ta’kidlashdi. OITS muammosini global darajada hal qilish uchun tibbiyot, fan va jamiyatning birgalikdagi harakati muhim ekani ta’kidlandi.
Shu kabi ma’rifiy tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi talaba-yoshlar ongida sog‘lom turmush tarzi va xavfsiz xatti-harakatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. TTA Biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika kafedrasi tomonidan bunday tadbirlar kelgusida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Bu tadbir nafaqat ma’lumot berish, balki global muammoni yechishda o‘z hissamizni qo‘shish maqsadida o‘tkazilgan muhim qadam bo‘ldi.