Insoniyat o‘z tarixiy taraqqiyotining barcha davrlarida moddiy-ma’naviy an’ana va qadriyatlarga tayanib yashab kelgan. Ijtimoiy-siyosiy fanlar tizimida an’ana tushunchasi bir qadar aniq tushunilsa-da, unga nisbatan birmuncha murakkab bo‘lgan va ijtimoiy munosabatlar tizimida jiddiy ahamiyat kasb etadigan qadriyatlar tizimini tahlil etish alohida o‘rin tutadi.
Qadriyatlar inson va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar doirasidagi mavjudlikdan kelib chiqib, «…narsa-hodisalarning behuda yaratilmaganligi, har bir holatning o‘z vazifasi, mavqei va maqomi bor ekanligini anglab yetish tufayli inson ongida muayyan tizimni shakllantiradi».
2006 yilda «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan «O‘zbekiston: o‘ziga xoslikni va jahon hamjamiyatidagi o‘rnini izlash» deb nomlangan so‘rovning natijalari umuman olganda, O‘zbekiston aholisining etnik-diniy an’analar, rasm-rusumlar va urf-odatlarga amal qilishga nisbatan ijobiy munosabatini ko‘rsatdi. (Hammasi bo‘lib O‘zbekistonning 8 mintaqasida 164 kishi so‘rab chiqildi) Respondentlarning mutlaq ko‘pchiligi (85,3%) diniy urf-odatlarni bajaradi, so‘rab chiqilganlarning qolgan qismi (14,7%) esa, bajarmasligini ko‘rsatgan. Tarbiyaning bu jihatida yoshlarni asosan rostgo‘ylik, va’daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga yetkazishga ahamiyat qaratiladi. Yoki bo‘lmasa, “Bolalaringizni e’zozlanglar va ularning odobini go‘zal qilinglar” deyilgan hadisi sharifda ham aynan axloqiy tarbiya nazarda tutilgan.
Islom dinida ilm deganda diniy ham dunyoviy ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy-ma’naviy hayoti, uning e’tiqodiga oid bo‘lib, oxirati uchun zarur bo‘lsa, dunyoviy ilm uning moddiy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir. Shuning uchun ham hadisi sharifda: “Sizlarning eng yaxshingiz bu dunyoni deb oxiratini unutmagan, oxiratini deb bu dunyosini unutmagan va o‘zgalarga qaram bo‘lmaganingizdir” deyilgan.
Ushbu ta’limotlarga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shari’at, ham tariqat va ham ma’rifat borasida butun dunyoga o‘rnak bo‘lganlar.