
Shu yilning 14-noyabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetida (ToshDavTU) Erasmus+ dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Innovative and Interdisciplinary Programmes in Bio-medical Engineering to Leverage and Exploit the Digital Growth programme for students’ employability in Uzbekistan” (101082242 – I2-PLEDGE) loyihasi bo‘yicha yakuniy koordinatsion uchrashuvning ikkinchi kuni bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv loyihaning umumiy natijalarini sarhisob qilish, barcha Work Packagelar doirasida bajarilgan ishlarni muhokama etish, hamkor tashkilotlar tomonidan erishilgan yutuqlarni taqdim etish hamda loyiha yakunida Yevropa Ittifoqiga topshirilishi lozim bo‘lgan yakuniy hisobot va hujjatlar yuzasidan kelgusidagi vazifalarni belgilash maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda loyiha doirasidagi xalqaro hamkorlar, xususan, Italiya davlatining L’Aquila universiteti vakillari — professorlar Anna Tozzi va Massimiliano D’Innocenzo ishtirok etishdi. Ular o‘z chiqishlarida loyiha davomida bajarilgan ishlar, ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari, akademik hamkorlik natijalari hamda biotibbiyot muhandisligi yo‘nalishida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar haqida batafsil ma’lumot berishdi. Shuningdek, barcha Work Packagelar kesimida amalga oshirilgan faoliyatlar bosqichma-bosqich tahlil qilindi.
Shu bilan birga, Gretsiya davlatining University of Western Macedonia (UoWM) universiteti professori Georgias Skodras ham so‘zga chiqib, loyiha doirasida Gretsiya tomoni tomonidan bajarilgan ishlar, treninglar, akademik va ilmiy hamkorlik yo‘nalishlaridagi natijalar haqida ma’ruza qildi.
Uchrashuv davomida Gretsiyaning Epimorfotiki Kilkis tashkiloti vakillari — Tatiana Iliadou va Panagiotis Amiridis tomonidan ham loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha tayyorlangan hisobotlar taqdim etildi. Ular o‘z chiqishlarida loyiha maqsadlariga erishish jarayonida bajarilgan vazifalar, ishlab chiqilgan metodik materiallar va amaliy natijalar haqida ma’lumot berishdi.
Shuningdek, uchrashuvda loyihaning yakunlanishi munosabati bilan Yevropa Ittifoqiga topshirilishi zarur bo‘lgan yakuniy hujjatlar, moliyaviy va mazmuniy hisobotlar, indikatorlar va natijalar bo‘yicha muhim masalalar muhokama qilindi. Loyiha davomida 3 yil mobaynida bajarilgan ishlar, erishilgan asosiy natijalar, ta’lim tizimiga joriy etilgan innovatsion yondashuvlar hamda loyiha barqarorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu yakuniy koordinatsion uchrashuv I2-PLEDGE loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilganini, xalqaro hamkorlik doirasida samarali natijalarga erishilganini va biotibbiyot muhandisligi sohasida raqamli ta’limni rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilganini yana bir bor tasdiqladi.










